Avvalroq 23-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev yirik sanoat korxonalarini “yashil” energiya bilan ta’minlash chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekistonda energiya sarfi yuqori bo‘lgan 18 ta tarmoq avtonom energiya ta’minotiga o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Energiya samaradorligi milliy agentligi direktori Ziyoviddin Bahriddinov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida Qashqadaryo viloyatining to‘rtta tumanidagi aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini energiyasamaradorligini oshirish ishlari boshlanganini ma’lum qildi.
Buning uchun viloyatdagi 208 mingqqa yaqin xonadon hamda 2600 dan ortiq ijtimoiy soha obyektlarining energiya iste’moli o‘rganildi. Bahriddinov uylarni energiyasamarador qilishda quyosh panellari hamda suv isitish tizimlarini o‘rnatish uchun rag‘batlantiruvchi mexanizmlarning joriy etilgani ishlarni tezlashtirishga yordam beradi.
“Ijtimoiy soha obyektlarida barcha yo‘nalishlarda energiya auditini o‘tkazishni boshladik. Dastlabki natijalar har bir binoda energiya iste’molini 45−50% gacha kamaytirish mumkinligini ko‘rsatmoqda”, — dedi agentlik rahbari.
Uning qayd etishicha, amalga oshirilgan sinov loyihasi bir oydan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab joriy etiladi.
Shuningdek, Ziyoviddin Bahriddinov agentlik jamg‘armasi hisobidan aholiga quyosh paneli, issiqlik nasosi hamda isitish qozonlarini o‘rnatish uchun kompensatsiya berish asosiy yo‘nalishlardan biri ekanligini ta’kidladi.
Prezident aholi xonadonlarida energiya samaradorligini ta’minlash va aholi madaniyatini oshirishni topshirdi. Xususan, energiya sarfining 40%ini tashkil etuvchi bino-inshootlari hamda aholi xonadonlarida energiyatejamkorlikni targ‘ib qilish ishlarini tezroq joriy etish vazifasi berildi.
Vazirlar Mahkamasi huzurida Energiya samaradorligi milliy agentligi prezidentning mart oyidagi farmoni bilan tashkil etildi. 1-iyuldan aholi uy-joylarining energiya auditini o‘tkazish xarajatlari uchun agentlik tomonidan subsidiya ajratiladi.
Quyosh panellari va geliokollektorlar qiymatining 20%i, issiqlik nasoslari (havo, suv va geotermal) qiymatining esa 40%gacha qismi qoplab beriladi. Bunda to‘lovlar miqdori BHMning 50 baravari (18,75 mln so‘m) gachani tashkil etadi.
Yil boshida Shavkat Mirziyoyev “resurs tejamkor iqtisodiyot modeli"ga o‘tish zarurligini qayd etgandi. Hukumatga energiya samaradorligi hisobiga xarajatlarni 15−20% gacha qisqartirish va qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirishga qaratilgan dastur ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.
Mart oyi oxiridagi prezident yig‘ilishida quyosh panellari orqali joriy yilda 1,1 mlrd kub metr tabiiy gaz va 2,6 mlrd kVt/soat elektrni tejash imkoniyati ma’lum qilindi. Davlat rahbari yirik sanoat korxonalarida tejamkor uskunalar o‘rnatish, energiya isrofini kamaytirish zarurligini ta’kidladi. Hukumatga bu sohada yangicha ijro va nazorat tizimida ishlash topshirildi.
Avvalroq energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, IIV va FVV xodimlariga elektr energiyasidan behuda foydalanish holatlari bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish vakolati beriladi.