Sabine Mahl 2024-yil iyunidan BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori sifatida faoliyat yuritadi. U Avstriyada tug‘ilgan, Vena universitetida tahsil olgan. Huquq va xorijiy tillar bo‘yicha ikki magistr darajasiga, shuningdek, huquq fanlari doktori ilmiy darajasiga ega. Sabine 22 yildan ortiq vaqt davomida xalqaro tashkilotlarda faoliyat olib borgan.

Sabine Mahl uchun kitobxonlik — shunchaki mashg‘ulot emas, balki hayot tarzidir. “Yetti yoshimdan beri kitoblar olamida yashayman va mutolaa kundalik odatimga aylangan,” deydi u. Uning fikricha, har bir asar insonni o‘stiradi: turli vaziyatlardan xulosa chiqarishga, qarorlar qabul qilishda chuqurroq fikrlashga yordam beradi.

Avstriyadagi uyida mingdan ziyod kitobdan iborat shaxsiy kutubxonaga ega bo‘lgan Sabine badiiy, fantastik, ilmiy-ommabop asarlarni to‘rt tilda — nemis, ingliz, fransuz va rus tillarida mutolaa qiladi. Kitoblar uning nafaqat o‘zi, balki yaqinlari uchun ham qadrlidir.

“Kitob o‘qiyotganimda o‘zimni boshqa dunyolarda his qilaman, boshqa qahramonlar bilan yashayman. Bu meni hayratga soladi va ilhomlantiradi,” — deya o‘z mutolaa tajribasi bilan o‘rtoqlashdi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori.

Sabine Chingiz Aytmatov, Jorj Oruell, Jon Steynbek, Marlen Haushofer va Uilyam Goldingning eng ta’sirli asarlari haqida fikr bildirib, bu kitoblar uning hayoti va qarashlariga qanday ta’sir qilgani haqida ham o‘rtoqlashdi.


“Asrga tatigulik kun”, Chingiz Aytmatov

Karyeram davomida qaysi mamlakatda faoliyat yuritsam, o‘sha hudud aholisi uchun qadrli bo‘lgan ijodkorlar asarlari bilan yaqindan tanishib chiqishga ham harakat qilaman. Menimcha, kitoblarning eng yaxshi jihatlaridan biri ham shu — ular orqali boshqa jamiyatda yashaydigan odamlardagi tuyg‘u va ruhni his qilasiz, ular qanday o‘ylashini tushunasiz. Shuning uchun ham men mutolaani juda yaxshi ko‘raman. Masalan, O‘zbekistonga kelganimdan keyin Alisher Navoiyni o‘rganishni boshladim.

Qirg‘izistonda ishlagan davrimda Chingiz Aytmatov ijodi bilan yaqindan tanishish maqsadida uning bir qancha asarlarini o‘qiganman. Uning “Asrga tatigulik kun” romani meni juda ta’sirlantirgan. U oddiy bir roman emas, insoniyat, o‘tmish va kelajak haqida ulkan saboqdir. Uni o‘qish orqali nafaqat adabiy zavq olasiz, balki o‘zingizga, jamiyatga va tarixga nisbatan teranroq tushuncha hosil qilasiz.

Asardagi qahramonlar hayoti orqali Markaziy Osiy xalqlarining qadimiy urf-odatlari, oila va do‘stlik tushunchalari chuqur tasvirlangan. Falsafiy, ijtimoiy va ramziy ma’nolarga boy mazkur romanni jahon adabiyotining durdonalaridan biri, deb hisoblayman. “Asrga tatigulik kun” har bir davrda aktual asar bo‘lib qoladi. Uni barcha kitobxonlarga mutolaa qilishni tavsiya etaman.

kitoblar tavsiyasi, sabine mahl


“Pashshalar hukmdori”, Uilyam Golding

Nobel mukofoti sovrindori Uilyam Goldingning 1954-yilda nashr etilgan “Pashshalar hukmdori” romani sevimli asarlarimdan biridir. Unda urush paytida aviahalokatga uchragan bolalar guruhi haqida so‘z boradi. Ular kimsasiz bir orolga tushib qolishadi. Avvaliga bolalar u yerda demokratik tartib o‘rnatishga, jamiyat yaratishga urinadi. Biroq vaqt o‘tishi bilan ular o‘rtasida tortishuvlar, raqobat va qo‘rquv kuchayib boradi hamda Ralf va Jek o‘rtasidagi kurash guruhni parchalaydi.

“Pashshalar hukmdori” inson tabiati, jamiyat, madaniyat va yovvoyilik haqidagi murakkab savollarni o‘rtaga qo‘yadi. Ushbu dramatik va ramziy ma’nolarga to‘la mazmunga ega asar o‘quvchida inson tabiati haqida chuqur falsafiy fikrlar uyg‘otadi, jamiyat va qonun-qoidalarning ahamiyatini anglatadi.

Roman, shuningdek, sivilizatsiyaning mo‘rtligi, axloq va aqlning inson xulq-atvoridagi o‘rni haqida o‘ylashga undaydi, shuningdek, hokimiyat, qo‘rquv va jamoaviy xatti-harakatlarga tanqidiy ko‘z bilan qarashni o‘rgatadi. Bu insoniylikni qanchalik oson yo‘qotib qo‘yish mumkinligini anglashga, hamdardlik, mas’uliyat va hushyorlikni rivojlantirishga yordam beradi.

kitoblar tavsiyasi, sabine mahl


“Devor”, Marlen Haushofer

1963-yilda nashr etilgan “Devor” asari avstriyalik yozuvchi Marlen Xausxoferning eng mashhur va ta’sirli romanlaridan biri hisoblanadi. Asarning bosh qahramoni ismi tilga olinmagan 40 yoshlardagi ayol bo‘lib, u do‘stlari bilan tog‘ga dam olgani boradi. Lekin ertalab uyg‘onib, ular yo‘qolganini va ko‘rinmas, shishasimon devor butun atrofni o‘rab olganini sezadi. Devor ortidagi hayot go‘yo to‘xtab qolgan. It, sigir va mushuk yagona hamrohi bo‘lgani uchun ayol omon qolish va vaziyatga ko‘nikish uchun kurashadi.

Roman kitobxonni hayot mazmuni, yolg‘izlik va tabiat bilan aloqa haqida chuqur mulohaza yuritishga undaydi. Birdaniga dunyodan ajralib qolgan ayolning qissasi insonning o‘zi bilan yolg‘iz qolganda qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tishini ko‘rsatib beradi.

Asar oddiy narsalarning qadrini bilishni, atrofimizdagi olamga sinchkovroq nazar solishni va tashqi dunyodan emas, balki o‘z ichki dunyomizdan madad izlashni o‘rgatadi.

kitoblar tavsiyasi, sabine mahl


“1984”, Jorj Oruell

Britaniyalik yozuvchi Jorj Oruellning antiutopik yo‘nalishda yozilgan “1984"ini ham o‘qish uchun tavsiya qilaman. Dunyoning eng mashhur asarlari ro‘yxatiga kiritilgan ushbu roman totalitarizm, erkin fikr, nazorat va inson sha’ni mavzulariga bag‘ishlangan. U faqat siyosiy asar emas, balki insonning ruhiy kurashi, erkinlik va haqiqatni saqlab qolishga bo‘lgan urinishidir.

Roman o‘quvchiga davlatning inson ustidan to‘liq nazoratining qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushunishga yordam beradi. Fikrlash erkinligi va shaxsiy hayot taqiqlangan qorong‘u dunyo tasvirlanishi orqali, kitob haqiqat, ozodlik va mustaqil tafakkurning qadr-qimmati haqida o‘ylashga undaydi. U insonni turli aldovlarga sergak bo‘lishga, har bir narsani so‘zsiz qabul qilmaslikka va o‘z fikrlari hamda his-tuyg‘ularini erkin ifoda etish huquqini himoya qilishni o‘rgatadi.

“1984"ni axborot bilan manipulyatsiya qilish (feyk yangiliklar, senzura)ning nechog‘lik xavfli ekanini tushunish uchun ham mutolaa qilish zarur, deb o‘ylayman.

kitoblar tavsiyasi, sabine mahl


“Odamlar va sichqonlar”, Jon Steynbek

Pulitser va Nobel mukofotlari sovrindori Jon Steynbekning bu asari Amerika adabiyotidagi eng ta’sirli va qayg‘uli qissalardan biri sifatida shuhrat qozongan. “Odamlar va sichqonlar” iqtisodiy inqiroz davridagi Amerika qishloq ishchilari hayotini real tasvirlagan ijtimoiy-psixologik drama hisoblanadi. Ushbu asarda mavsumiy dala ishchilari — aqlli Jorj Milton va uning kuchli, ammo aqli biroz zaif hamrohi Lenne Smollning hayoti haqida hikoya qilinadi. Ularning Amerika orzusi puchga chiqib, umrlarini behuda o‘tkazishadi.

Jon Steynbekning ushbu asarini har bir inson o‘qishi kerak. Chunki u hayotiy mavzular — do‘stlik, orzular, yolg‘izlik va insoniylikni haqqoniy va ta’sirli tarzda ochib bergan. Asar ravon tilda yozilgan, uni o‘qish va tushunish oson, biroq mazmun jihatdan nihoyatda chuqur va shubhasiz o‘quvchini o‘yga toldiradi.

O‘z orzulari sari borayotgan ikki kambag‘al ishchining hayoti misolida umidning qanchalik mo‘rtligi-yu, yaqin insonning qo‘llab-quvvatlashi naqadar muhimligini ko‘rish mumkin. Kitob boshqalarga hamdardlik bildirish, o‘zgalar dardini tushunishni o‘rgatadi hamda adolatsiz jamiyatda hatto eng oddiy orzularga ham erishish qiyin bo‘lishi mumkinligini eslatadi.

kitoblar tavsiyasi, sabine mahl